Abstract
<jats:p>Maqolada XX asr boshida Turkiston zaminida yetishib chiqqan yirik olim, oʻzbek tilshunosligi, folklorshunoslik, dialektologiya va terminologiyasining asoschisi, professor Gʻozi Olim Yunusov (1893–1938) ning ilmiy portreti tiklashga harakat qilingan. Tadqiqotda olimning Toshkentdagi dastlabki taʼlimi, Istanbul pedagogika instituti va Qohiradagi Al-Azhar madrasasidagi tahsil yillari, shu jarayonda shakllangan keng ilmiy dunyoqarashi va koʻp tillilik salohiyati yoritilgan. Olimning ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari - oʻzbek lahjalarini birinchi bor etnolingvistik jihatdan tasnif qilish, “Alpomish” dostonini ilmiy nuqtai nazardan baholab, uni “oʻzbekning birinchi eposi” sifatida eʼlon qilish, folklor materiallarini bevosita ijrochilar ogʻzidan oʻzgartirmay yozib olish metodini ilmiy tamoyil sifatida joriy etish, ruscha-oʻzbekcha huquqiy va siyosiy terminologiya lugʻatlarini tuzish, arab imlоsidan lotin yozuviga oʻtishni asoslash hamda oʻzbek tilining akademik grammatikasini yaratish (qoʻlyozma 1937-yili musodara qilingan) kabi masalalar batafsil koʻrib chiqilgan. Bundan tashqari, maqolada Gʻozi Olim Yunusovning Hodi Zarif, Mahmud Zarifov, Sobirjon Ibrohimov kabi yirik olimlarni tarbiyalagan ilmiy maktab yaratishdagi oʻrni ham alohida taʼkidlangan. Tadqiqot mavjud ilmiy adabiyotlar tahlili, internet maʼlumotlari va xotiralar asosida olib borilgan. Maqola olimning 1937-yilgi siyosiy qatagʻon qurboniga aylanishi, 1957-yilda esa toʻla oqlanishi masalalariga ham toʻxtalib, uning ilmiy merosini oʻrganish va ommalashtirishni bugungi avlod uchun ilmiy va milliy burch sifatida baholaydi.</jats:p>